«Liverpul» Koluillni nishonga oldi
Angliyaning «Liverpul» klubi «Chelsi» markaziy himoyachisi Livay Koluillning xizmatlariga qiziqish bildirmoqda. Mersisaydliklar Yurgen Klopp klubda ishlagan davrlardan buyon ushbu futbolchining oʻyiniga yuqori baho berib kelishadi. Bu haqda Football Insider nashri xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, «Liverpul» futbolchining shartnomasi bilan bogʻliq vaziyatdan unumli foydalanib qolishi mumkin. Koluillning ayni paytdagi mehnat kelishuvi 2029 yilning yoziga qadar moʻljallangan.
Biroq «Chelsi» rahbariyati himoyachi bilan yozgacha yangi shartnoma imzolashni istamoqda, ammo hozircha bu ish amalga oshgani yoʻq. Shunga qaramay, London klubi 23 yoshli futbolchining kelajagi borasida ortiqcha xavotirga tushayotgani yoʻq.
Joriy mavsumda Koluill barcha turnirlar doirasida jami 4 ta oʻyinda maydonga tushishga ulgurdi. Transfermarkt portali bergan maʼlumotlarga koʻra, ingliz himoyachisining ayni paytdagi bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.