\"Liverpul\" futbolchisi mashg‘ulotda jamoadoshlari bilan tortishib qoldi
"Liverpul" yarim himoyachisi Dominik Soboslai jamoaning mavsumoldi mashg‘ulotlaridan birida jamoadoshlari bilan keskin tortishuvga kirishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vaziyat ikki tomonlama o‘yin vaqtida yuzaga kelgan. Bir necha o‘yin epizodidan norozi bo‘lgan Soboslai jamoadoshlariga e’tiroz bildirgan va bu qisqa muddatli og‘zaki bahsga sabab bo‘lgan.
Murabbiylar shtabi vaziyatga zudlik bilan aralashgan va tortishuv tezda yakunlangan. Jamoa ichida ushbu hodisa jiddiy mojaro sifatida baholanmayapti. Mashg‘ulotlar odatdagi tartibda davom ettirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Dominik Soboslai 2023-yildan buyon "Liverpul" safida to‘p surmoqda va jamoaning asosiy yarim himoyachilaridan biri hisoblanadi. Yangi mavsum oldidan u jamoa sardorlaridan biri sifatida ham ko‘rilmoqda.