«Liverpul» «Enfild»dagi 1500-g‘alabasini qoʻlga kiritdi
Hozirda mersisaydliklar APL turnir jadvalida beshinchi oʻrinni egallab turibdi.
FOTO: Getty Images
«Liverpul» Angliya chempionati doirasida o‘zining uy stadioni «Enfild»da 1500-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda mersisaydliklar rasmiy sayti xabar bermoqda.
Klub ushbu ko‘rsatkichga APLning 32-turidan o‘rin olgan Londonning «Fulhem» jamoasiga qarshi bahsda (2:0) erishdi. Ma’lumot uchun, «Enfild»dagi ilk g‘alaba 1892 yilning 3 sentabr kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda «qizillar» «Xayer Uolton»ni 8:0 hisobida mag‘lub etishgan.
Hozirgi vaqtda «Liverpul» 52 ochko bilan Angliya chempionati turnir jadvalida beshinchi pog‘onani egallab turibdi. Mersisaydliklar navbatdagi turni 19 aprel kuni safarda «Everton»ga qarshi o‘tkazishadi. Jamoaning APL doirasidagi keyingi uy uchrashuvi esa 25 aprel kuni «Kristal Pelas»ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist