«Liverpul» «Bornmut» himoyachisini oʻz safiga qoʻshib olmoqchi — TEAMtalk
«Liverpul» klubi «Bornmut» himoyachisi Markos Senesining vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Mersisaydliklar kelayotgan yozgi transfer oynasida himoya markazini mustahkamlashni maqsad qilgan. Hatto Ibraima Konate amaldagi shartnomasini uzaytirishga qaror qilgan taqdirda ham, klub yangi himoyachi qidirishda davom etadi. Bunga asosiy sabab sifatida Virjil van Deykning yoshi o‘tib borayotgani va Jozef Gomesning jarohatlarga moyilligi ko‘rsatilmoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, «Liverpul» allaqachon Senesining agentlari bilan aloqa o‘rnatgan. Biroq bu transferda mersisaydliklar jiddiy raqobatga duch kelishlari mumkin — argentinalik himoyachiga Premyer-liganing boshqa klublari va Ispaniyaning «Barselona» jamoasi ham qiziqish bildirmoqda. Shuni ham aytish joizki, «Barselona» rahbariyati ayni damda «Inter» a’zosi Alessandro Bastonini sotib olishga ko‘proq e’tibor qaratgani sababli, Senesi kataloniyaliklar uchun asosiy maqsad hisoblanmaydi.
Markos Senesi 2022 yildan buyon «Bornmut» sharafini himoya qilib kelmoqda. U joriy mavsumda Angliya Premyer-ligasining 31 ta o‘yinidan 30 tasini asosiy tarkibda boshladi va «olchalar» mudofaasining ajralmas qismiga aylandi.