«Liverpul» Barkolaga qiziqish bildirmoqda
“Liverpul” 23 yoshli qanot hujumchisi, “PSJ” vingeri Bredli Barkolani o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Le10Sport nashri jurnalisti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “qizillar” hujumning chap qanotini kuchaytirish uchun yuqori saviyadagi futbolchi izlamoqda. Klub fikriga ko‘ra, Barkola hozirgi paytda Yevropaning eng istiqbolli yosh o‘yinchilaridan biri hisoblanadi.
Avval ham ingliz jamoasi fransuz futbolchisiga qiziqish bildirgan, biroq o‘sha paytda transfer amalga oshmagan edi. Manbaga ko‘ra, hozir Barkola o‘tgan yozga nisbatan klubni o‘zgartirishga ko‘proq moyil.
Transfermarkt portali o‘yinchining bozor qiymatini 70 million yevro deb baholamoqda. Joriy mavsumda Barkola barcha musobaqalarda 48 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.