«Liverpul» Assan Oedraogo uchun 40 million yevro sarflashga tayyor
«Liverpul» klubi «RB Leypsig» yarimhimoyachisi Assan Oedraogoni o‘zining transfer maqsadlari ro‘yxatiga kiritdi. Mersisaydliklar 19 yoshli futbolchi uchun taxminan 40 million yevro taklif qilishga tayyor. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur ma’lum qildi.
Manba bergan xabarga ko‘ra, «RB Leypsig» rahbariyati Oedraogo transferi bo‘yicha muzokaralarni 45-50 million yevrodan kam bo‘lmagan summadan boshlamoqchi. Ta’kidlanishicha, ushbu iqtidorli yarim himoyachi uchun kurashda «Nyukasl» jamoasi ham «Liverpul»ga jiddiy raqobat tug‘dirishi mumkin.
Assan Oedraogo joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchining nemis klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, yarim himoyachining ayni damdagi bozor qiymati 28 million yevroni tashkil etmoqda.