«Liverpul» Alissonga yangi shartnoma taklif qildi
«Liverpul» klubi o‘z darvozaboni Alisson Bekkerga yangi shartnoma taklif qildi. Taniqli insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, mersisaydliklar 33 yoshli posbonni jamoada kamida yana bir mavsum ushlab qolishga umid qilmoqda. Biroq braziliyalik darvozabon ayni paytda unga uzoq muddatli va moliyaviy jihatdan qulayroq shartnoma taklif qilayotgan Turinning «Yuventus» klubi bilan ham muzokaralar olib bormoqda.
Hozircha tajribali posbon kelajagi borasida yakuniy qarorga kelgani yo‘q. Alisson Bekker «Liverpul» safiga 2018 yilda «Roma»dan 72,5 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan edi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Nufuzli Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Alisson Bekerning bozor qiymati 17 million yevroni tashkil etadi. Yarimhimoya va hujum chizig‘idagi o‘zgarishlardan so‘ng, mersisaydliklar darvoza chizig‘ida ham jiddiy yo‘qotishga uchramaslik uchun bor kuchini ishga solmoqda.