«Liverpul» Alisonni saqlab qoladi, Mamardashvili esa ijaraga yuboriladi – manba
"Liverpul" klubi kelasi mavsum uchun darvozabonlar masalasida yakuniy qarorga keldi.
TeamTalk nashrining xabar berishicha, mersisaydliklar braziliyalik kiper Alisonni jamoada saqlab qoladi, gruziyalik hamkasbi Georgiy Mamardashvili esa ijara asosida boshqa klubga yo‘l oladi.
Manbaga ko‘ra, 33 yoshli Alison yangi mavsumda ham "Liverpul"ning asosiy darvozaboni bo‘lib qoladi.
Avvalroq Italiya klubi "Yuventus" tajribali posbonni o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq "Liverpul" rahbariyati yozgi transferlar oynasida Alisonni qo‘yib yubormaslikka qaror qildi.
Shu bilan birga, Georgiy Mamardashvili ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun yozgi transferlar oynasida ijara asosida boshqa jamoaga yuborilishi rejalashtirilgan.