«Liverpul» 19 yoshli vinger uchun taxminan 100 million yevro to‘lashga tayyor
Angliyaning «Liverpul» klubi «RB Leypsig» rahbariyatiga hujumchi Yan Diomand transferi uchun qariyb 100 million yevro to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda The Athletic nashrining taniqli jurnalisti Devid Ornshteyn xabar tarqatdi.
Manbaning ta’kidlashicha, mersisaydliklar 19 yoshli iqtidorli futbolchi uchun kurashda yaqqol peshqadamlik qilmoqdalar. Biroq, agar Germaniya klubi Diomandni sotishdan mutloq bosh tortsa, «Liverpul» boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi. Futbolchiga Fransiyaning «PSJ» klubi ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Yakunlangan mavsumda Diomand «RB Leypsig» tarkibida barcha turnirlar doirasida 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, yosh vingerning ayni damdagi transfer bahosi 90 million yevroni tashkil etmoqda.