Lionel Skaloni: «Leo JCH-2026da o‘ynashga qaror qilsa, bu biz uchun katta sharaf bo‘ladi»
Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni jamoa yulduzi Lionel Messining bo‘lajak Jahon chempionatidagi ishtiroki borasidagi imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Agar Leo Jahon chempionatida o‘ynashga qaror qilsa, bu biz uchun katta sharaf bo‘ladi. Hammamiz u ushbu jarayondan zavq olishini xohlaymiz va uning o‘zini yaxshi his qilishi uchun yordam beryapmiz. U ham biz xohlagan narsani istaydi, lekin hozir u ancha xotirjam, chunki allaqachon Jahon chempioni unvoniga ega. Unda turnirda qatnashish va ushbu tajribani boshqalar bilan baham ko‘rish istagi bor. Ko‘ramiz, u qanday qarorga kelarkon, biz esa uni har qanday holatda qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Skaloni.
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi Jahon chempionati shu yilning yozida AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Argentina terma jamoasi «J» guruhida Jazoir, Avstriya va Iordaniya jamoalariga qarshi bahs olib boradi.