Lionel Messi Jahon chempionatlaridagi noyob rekordlardan birini takrorladi
Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi JCh-2026 doirasidagi dastlabki ikki oʻyinda beshta gol urishga muvaffaq boʻldi. Argentinalik yulduz Jazoirga qarshi uchrashuvda (3:0) het-trik qayd etgan boʻlsa, Avstriya bilan bahsda (2:0) dubl muallifiga aylandi. Shu tariqa, Messi jahon birinchiliklarining dastlabki ikki turida besh va undan koʻp gol urgan sanoqli futbolchilar qatoridan joy oldi.
Bungacha boʻlgan davrda bunday natijani faqatgina argentinalik Gilyermo Stabile (1930-yil, 5 ta gol), vengriyalik Shandor Kochish (1954-yil, 7 ta gol), fransiyalik Jyust Fonten (1958-yil, 5 ta gol) va angliyalik Garri Keyn (2018-yil, 5 ta gol) qayd eta olgan edi.
Futbol boʻyicha Jahon chempionati — 2026 musobaqalari 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtmoqda. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi. Sayyoramiz birinchiligining 2022-yilgi finalida Argentina milliy jamoasi Fransiya bilan toʻqnash kelgan edi. Oʻyinning asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlangan, biroq penaltilar seriyasida argentinaliklar kuchliroq chiqqan edi (4:2).