Lionel Messi Formula-1 poygachisiga maslahat berdi
«Inter Mayami» hujumchisi va sardori, argentinalik Lionel Messi «Alpin» jamoasining 22 yoshli piloti, vatandoshi Franko Kolapintoga o‘z tavsiyalarini berdi.
«Rostini aytsam, men u bilan hech qachon gaplashmagan edim. U menga dubulg‘asini sovg‘a qildi va qachonlardir men bilan ko‘rishishni juda istayotgan edi. Bizning umumiy tanishlarimiz bor va nihoyat bu amalga oshdi — u mashg‘ulotimizga keldi va biz uchrashdik. Franko haqiqatdan ham hayratlanarli yigit.
Unga qanday maslahat bergan bo‘lardim? U o‘zining shaxsiy tarixini yashashi kerak. Hamda ko‘p narsaga tayyor turishi lozim, chunki omma e’tiborida bo‘lganingda, har tomondan turli voqealar — yaxshi va yomon xabarlar yog‘iladi. Ayniqsa, qiyin damlarda unga yaqinlari, oilasi va atrofidagilarning qo‘llab-quvvatlovi kerak bo‘ladi, chunki aynan mana shu narsa murakkab davrlardan o‘tib olishga yordam beradi. Ishlar yaxshi ketayotganida hamma narsa osonroq, odamlar senga yaqinlashadi, lekin ishlar yomonlashganda yoningda kim borligini bilish juda muhim», — deya Messining so‘zlarini keltirmoqda ESPN portali.