Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi gollari sonini 117 taga yetkazib oldi
Hujumchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasi safidagi oʻzining 117-golini kiritdi. Ushbu voqea Islandiya terma jamoasiga qarshi oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvida (3:0) yuz berdi.
Uchrashuvning 71-daqiqasida Messi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. 38 yoshli hujumchi uchun ushbu gol milliy jamoa libosidagi 199-oʻyinda kiritilgan 117-gol sifatida qayd etildi.
Shu tariqa, Messi faoliyati davomidagi barcha turnirlarda urgan gollari sonini 911 taga yetkazib qoʻydi. Argentinalik yulduz gollarining 672 tasini «Barselona», 32 tasini «PSJ», 90 tasini «Inter Mayami» va 117 tasini Argentina terma jamoasi safida raqiblar darvozasiga joylagan.
Eslatib oʻtamiz, Argentina terma jamoasi boʻlajak JCh-2026 musobaqasida amaldagi chempion sifatida ishtirok etadi. Albiselestelar guruh bosqichining «J» kvartetida Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Islandiya esa ushbu turnir yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmagan.
Maʼlumot oʻrnida, JCh-2026 bahslari 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi.