«Lion» Remi Deskamp bilan shartnomani uzaytirdi
«Lion» klubi rasmiy sayti orqali fransiyalik darvozabon Remi Deskamp bilan shartnoma uzaytirilganini e’lon qildi.
Yangi tuzilgan mehnat shartnomasiga ko‘ra, futbolchi «Lion» safida 2029 yilning yoziga qadar qoladigan bo‘ldi.
Remi Deskamp o‘z vaqtida «Lill», «Klermon» va «Pari Sen-Jermen» akademiyalarida tarbiyalangan. U faoliyati davomida «Tur», «Sharlerua», «Nant» kabi jamoalar sharafini himoya qilgan. 2024 yildan buyon «Lion» safida to‘p tepib kelayotgan posbon shu kungacha asosiy tarkibda 15 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Mazkur o‘yinlarda u jami 14 ta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, 7 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, darvozabonning hozirgi bozor qiymati 2 million yevroni tashkil etadi.