Liga «Surxon Arena» maydoni holatini o‘rganadi
Termiz shahrida joylashgan “Surxon Arena” stadioni maydoni hamda unga tutash hududda qurilgan qo‘shimcha maydonning sifati yaqinda respublikadagi eng zo‘rlaridan biri hisoblangan edi. Afsuski, bugungi kunga kelib, har ikki maydon ham achinarli ahvolga tushib qolgan.
Shu sababli, “Surxon” futbol klubi 30 iyun kuni Ligaga rasmiy xat yo‘llab, tez orada Superliga va O‘zbekiston kubogi doirasidagi uy uchrashuvlarini Termiz shahrida o‘tkaza olmasligini ma’lum qildi. Sabab sifatida esa iqlimning keskin isib ketgani ko‘rsatildi.
“Surxon” klubi 6 may kuni ham Ligaga shunga o‘xshash murojaat yuborgan bo‘lib, unda “Surxon Arena” maydoni kundan-kun yomonlashayotgani, shu sababli O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasidagi “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvni “Paxtakor” stadionida o‘tkazish masalasida amaliy yordam so‘ralgan edi. 18 may kuni esa “Surxon Arena” ta’mirlash ishlari uchun yopilayotgani ma’lum qilingan.
Mavjud vaziyatni o‘rgangan Liga 9 iyun kuni “Surxon” klubi va Surxondaryo viloyati hokimligiga rasmiy murojaat yuborgan. Unda O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi uchrashuvini “Paxtakor” stadionida o‘tkazishga nima sababdan ruxsat berilgani, klub bu borada surxondaryolik futbol muxlislari oldida mas’uliyatni his qilishi lozimligi qayd etilgan. Shuningdek, tanaffusdan keyin — 23 iyul kuni “Dinamo” klubi “Surxon” mehmoni bo‘lishi, agar shu vaqtgacha “Surxon Arena” maydonini talab darajasiga keltirish imkoni bo‘lmasa, klub uy uchrashuvlarini surxondaryolik muxlislar uchun nisbatan qulayroq hududda o‘tkazishi haqida ta’kidlangan.
Ma’lumki, “Surxon” klubi mashg‘ulotlarni Toshkent shahrida o‘tkazadi va uning ma’muriy boshqaruvi ham poytaxtdan olib boriladi. Delegatsiya faqat rasmiy uchrashuvlar uchun Termizga tashrif buyuradi. O‘tgan davr mobaynida klub rahbariyati stadionlarni parvarishlash, rasmiy o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa masalalarda namunali ish olib borgan. Biroq 2026 yilga kelib, klubdagi moliyaviy muammolar fonida Superliga uchrashuvlarini qabul qila oladigan viloyatdagi yagona stadion, afsuski, deyarli yo‘qoldi. Hozirda ushbu stadionda hattoki Pro-liga uchrashuvlarini ham o‘tkazish imkoniyati mavjud emas.
Mavjud holatni faqat iqlim bilan izohlash Ligada shubha uyg‘otmoqda. Chunki 2025 yil iyun oyi O‘zbekistonda kuzatuvlar boshlanganidan beri eng issiq va quruq besh oylikdan biri bo‘lgani holda, o‘sha vaqtda klub tomonidan yetarli e’tibor tufayli “Surxon Arena” maydoni o‘z sifatini yo‘qotmagan edi.
Mamlakatimizda Superliga uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega stadionlar soni ma’lum muddat davomida bittaga kamayib borayotganini afsus bilan ma’lum qilamiz. Liga surxondaryolik futbol muxlislari uzoq vaqt mobaynida Superliga zavqidan mahrum bo‘lganini, keyinchalik esa “Surxon” klubi bosh homiysi yordamida nafaqat klubdagi yirik muammolar hal etilganini, balki “Surxon Arena” ham qayta ta’mirlanganini e’tirof etadi. Shu bilan birga, Liga “Surxon” klubi rahbariyati va Surxondaryo viloyati hokimligini o‘zaro hamkorlikda viloyatga katta futbolni imkon qadar tezroq qaytarish yo‘lida ish olib borishga chaqiradi.