«Lids» muxlisi «MYU»ga qarshi oʻyin oldidan vafot etdi
Angliya Premer-ligasining 20-turi doirasida «Lids Yunayted» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi uchrashuv oldidan fojeali hodisa yuz berdi. «Elland Roud» stadionida o‘yin boshlanishidan avval muxlislardan biri sog‘lig‘i to‘satdan yomonlashishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda «Lids Yunayted» klubi o‘zining ijtimoiy tarmoqlari orqali ma’lum qildi.
«“Lids Yunayted” bugungi o‘yin oldidan sog‘lig‘i to‘satdan yomonlashib, hayotdan ko‘z yumgan muxlisimizning vafoti munosabati bilan chuqur qayg‘u bildiradi. Klubning barcha xodimlari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ushbu og‘ir damlarda samimiy hamdardlik izhor etadi», — deyiladi klub bayonotida.
Fojeali holatlarga qaramay, uchrashuv baribir o‘tkazildi va tomonlar 1:1 hisobidagi durang bilan kifoyalandi.