Liam Delap “Nyukasl”ga o‘tishga tayyor
“Chelsi” hujumchisi Liam Delap faoliyatini “Nyukasl”da davom ettirishi mumkin. Football Insider ma’lumotiga ko‘ra, 23 yoshli futbolchi London klubidagi kelajagi noaniq bo‘lib qolgach, yangi jamoaga o‘tishga tayyorligini bildirgan.
Manbaga ko‘ra, “Chelsi” Delapga yangi mavsumda unga katta umid bog‘lanmayotganini ma’lum qilgan. Shu sabab hujumchi “Nyukasl” variantini ko‘rib chiqmoqda. Futbolchiga, shuningdek, “Everton” va “Nottingem Forest” klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Transfer yo‘lidagi asosiy to‘siq “Chelsi”ning futbolchi uchun talab qilayotgan summasi bo‘lishi mumkin. London klubi Delapni qo‘yib yuborish uchun taxminan 58,5 million yevro olishni istamoqda. Hozircha “Nyukasl” bu miqdorni to‘lashga tayyormi yoki yo‘qmi, ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Delap o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.