Liam Delap “Komo” qiziqishiga qaramay APLda qolishni istamoqda
“Chelsi” hujumchisi Liam Delap faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirish niyatida. 23 yoshli futbolchiga Italiyaning “Komo” klubi qiziqish bildirmoqda, biroq hujumchining o‘zi hozircha Angliyadan ketishni istamayapti. Bu haqda jurnalist Aleks Kruk xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Chelsi” Delapni sotishga qarshi emas. London klubi futbolchi uchun kamida 47 million yevrolik taklif tushgan taqdirda uning transferini ko‘rib chiqishga tayyor.
Delap “Chelsi” safiga o‘tgan yozda “Ipsvich”dan qo‘shilgan edi. Biroq u londonliklar safidagi ilk mavsumida kutilgan darajada sermahsul o‘yin ko‘rsata olmadi va APLda 28 ta uchrashuvda atigi bitta gol hamda bitta golli uzatma qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Liam Delapning bozor qiymatini 28 million yevroga baholamoqda. Hozircha “Komo” tomonidan futbolchi uchun rasmiy taklif yuborilgani haqida ma’lumot yo‘q.