Levandovskining agenti «Yuventus» bilan muzokara oʻtkazish uchun Italiyaga yetib bordi
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovskining agenti «Yuventus» bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Italiyaga yetib keldi. La Gazzetta dello Sport nashri xabariga ko‘ra, Turin klubi rahbariyati bilan uchrashuv yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hujumchi mavsum yakunlangach, «Barselona»ni tark etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, forvardga «Milan» ham qiziqish bildirmoqda. «Yuventus»da esa, o‘z navbatida, hujumchi Dushan Vlahovichning kelajagiga oydinlik kiritib olish zarur. Serbiyalik futbolchining shartnomasi yil oxirida yakuniga yetadi va u klubda qolishni istamoqda.
Biroq rahbariyat uni jamoada olib qolish uchun haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflash niyatida emas. Muqobil variant sifatida hozirda «Tottenhem» sharafini himoya qilayotgan Randall Kolo Muanining qaytishi ham ko‘rib chiqilmoqda. Shunga qaramay, Levandovskining o‘tishi «Yuventus» uchun eng jozibador variant bo‘lib qolmoqda.
Joriy mavsumda Levandovski «Barselona» safida barcha turnirlar doirasida 40 ta o‘yinda ishtirok etdi. Uning hisobida 17 ta gol va 3 ta golli uzatma mavjud.