Levandovski «Barselona»da qolish uchun maoshini kamaytirishga tayyor — manba
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski kataloniyaliklar safida qolish niyatida. Mundo Deportivo nashrining xabar berishicha, polshalik futbolchining «ko‘k-anorranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning iyun oyida yakuniga yetadi.
Manbaga ko‘ra, tajribali forvard uchun ustuvor vazifa aynan «Barselona»da qolish hisoblanadi. U shartnomani uzaytirish yo‘lida maoshining kamaytirilishiga va tarkibda kamroq rol o‘ynashga ham rozi. Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokaralar boshlanmaganligi ta’kidlanmoqda.
37 yoshli futbolchi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Levandovski 2022 yildan buyon «Barselona» sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yinchining ayni damdagi bozor qiymati 8 million yevroni tashkil etadi.