Lautaro Martines “Barselona”ga o‘tmaydi
“Inter” hujumchisi Lautaro Martines yozgi transfer oynasida jamoani tark etmaydi. So‘nggi kunlarda “Barselona” argentinalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq hozircha transfer amalga oshishi kutilmayapti.
Jurnalist Gaston Edul ma’lumotiga ko‘ra, “Barselona” haqiqatan ham Lautaroga qiziqish bildirmoqda, ammo Kataloniya klubi “Inter”ga hech qanday rasmiy taklif yubormagan. Avvalroq futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishilgani haqida ham xabarlar paydo bo‘lgan edi.
“Inter” esa o‘z sardorini sotishni rejalashtirmayapti. Milan klubi Lautaroni jamoaning asosiy futbolchilaridan biri sifatida ko‘radi va uning transferi bo‘yicha muzokara olib borishga tayyor emas.
Ma’lumot uchun, Lautaro Martinesning “Inter” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan. “Barselona”ning hujum chizig‘ini kuchaytirishdagi asosiy maqsadi uzoq vaqt Xulian Alvares bo‘lib kelgan, biroq “Atletiko Madrid” ham argentinalik hujumchini La Ligadagi raqibiga sotishni istamayapti.