«Latsio»ning 30 ming nafar muxlisi rahbariyat bilan mojaro sabab «Jenoa»ga qarshi oʻyinni boykot qildi
Italiya A Seriyasining 23-turidan o‘rin olgan «Latsio» – «Jenoa» uchrashuvi futbol tarixidagi eng g‘alati atmosferalardan birida o‘tdi. «Olimpiko» stadionining qariyb 30 ming nafar ishqibozi klub rahbariyatiga norozilik sifatida o‘yinni boykot qildi va tribunalarni bo‘sh qoldirdi.
Muxlislar va klub prezidenti Klaudio Lotito o‘rtasidagi nizo ancha chuqurlashgan. Fanatlar klubning ambitsiyalari pastligidan, transferlar cheklanganidan va Lotitoning shaxsiy telefon suhbatlari tarqalib ketishi bilan bog‘liq mojarolardan charchagan.
Vaziyat klubning rasmiy bayonotidan so‘ng yanada keskinlashdi. Rahbarlar boykot chaqiriqlarini «qabul qilib bo‘lmas holat» deb atashdi, muxlislar esa buni o‘z huquqlarining poymol etilishi va haqorat deb qabul qilishdi.
Odatda hayqiriqlardan larzaga keladigan stadion bu safar jamoalarni sukunat bilan kutib oldi. Fanatlar stadionni tark etishdan oldin Lotitoga qarata keskin banner osib ketishdi: unda «orzularsiz shunchaki yashab yurish» yetarli emasligi ta’kidlangan.
Tribunalar bo‘sh bo‘lishiga qaramay, Mauritsio Sarri shogirdlari iroda ko‘rsata olishdi. Dramatik kechgan bahsning 90+10-daqiqasida Danilo Kataldi penaltini aniq amalga oshirib, «burgutlar»ga 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabani taqdim etdi.