“Latsio” David Alabani transfer qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
“Latsio” himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida David Alaba variantini ko‘rib chiqmoqda. Il Messaggero ma’lumotiga ko‘ra, “Real Madrid” bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng erkin agentga aylangan 34 yoshli avstriyalik futbolchi Rim klubi e’tiboriga tushgan.
“Latsio”ga yangi markaziy himoyachi kerak bo‘lishiga Alessio Romanyolining “Al-Sadd”ga transferi sabab bo‘lgan. Klub sport direktori Anjelo Fabiani erkin agentlar bozorini kuzatayotganini va ehtimoliy yangi futbolchilar uchun tarkibda ataylab bo‘sh joy qoldirilganini tasdiqlagan.
Hozircha Alaba bo‘yicha aniq muzokaralar boshlanmagan. Uning transferi murakkab variant sifatida baholanmoqda, bunga futbolchining so‘nggi mavsumlarda tez-tez jarohat olgani ham sabab. “Latsio” himoya uchun Diogu Leyte nomzodini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Alaba “Real Madrid”da besh mavsum faoliyat olib bordi va klub bilan ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. Bungacha u “Bavariya” safida 10 karra Germaniya chempioni hamda ikki karra Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan.