Laporta: «Flik «Barselona»ni xohlagancha boshqarishi mumkin»
«Barselona» prezidenti Joan Laporta jamoaning bugungi o‘yinlaridan koʻngli to‘lmoqda. Klub rahbari bosh murabbiy Hans-Diter Flik haqida to‘xtalib, germaniyalik mutaxassis «ko‘k-anorranglilar»ni o‘zi xohlaganicha boshqarishi mumkinligini ta’kidladi.
«Agar men yana prezident etib saylansam, Flik «Barselona»ni o‘zi xohlagancha boshqaradi. Biz uchun bunday tajriba va bilimga ega insonning jamoada bo‘lishi juda muhim edi. U nafaqat fenomenal murabbiy, balki fenomenal insondir.
U bilan shartnoma imzolagan kunimizdayoq juda muhim ishni amalga oshirganimizni tushungandik. Flik — suyak-suyagigacha murabbiy! U yosh iqtidorlar va tajribali futbolchilarni qanday birlashtirishni, jamoani qanday boshqarishni juda yaxshi biladi. U hozirgi «Barselona» uchun ideal variant. Flik tufayli biz juda yoqimli davrni boshdan kechirmoqdamiz».
Eslatib o‘tamiz, Kataloniya klubida prezidentlik saylovlari yaqinlashib kelmoqda. «Barselona»ning yangi rahbari nomi 2026 yilning mart oyida ma’lum bo‘ladi. Laportaning bu bayonoti nafaqat murabbiyga ishonch, balki bo‘lajak saylovlar oldidan o‘ziga xos saylovoldi va’dasi sifatida ham ko‘rilmoqda.