Laporta «Barselona» prezidentligi saylovlarida Messining tutgan oʻrni haqida gapirdi
«Barselona» prezidentligiga nomzod Joan Laporta bo‘lajak saylovlarda «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messining tutgan o‘rni va uning ehtimoliy bayonotlari haqidagi savollarga javob berdi.
«Messining fikr bildirishidan xavotirdamisiz? Men ko‘proq «Barselona» boshqaruvi a’zolariga erishgan yutuqlarimizni qanday tushuntirish haqida qayg‘uraman. Biz jahon darajasidagi raqobatbardosh jamoa tuzish orqali bu yutuqlarni mustahkamlamoqchimiz. Bizda o‘zi haqida so‘zlovchi «Spotifay Kamp Nou» kabi loyiha, murabbiylar o‘rindig‘ida Flik, ofisda esa Deko bor…
Men Messining fikrini hurmat qilaman, lekin nima qilishimiz kerakligini aniq bilaman», — deya Laportaning so‘zlarini keltiradi Sport.es.
Eslatib o‘tamiz, Kataloniya klubining yangi prezidenti uchun saylovlar 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi. G‘olib esa 1 iyuldan boshlab rasman o‘z lavozimiga kirishadi.