«Lans» «PSJ»ning iltimosiga qaramay, Liga 1 doirasidagi oʻyinni boshqa sanaga qoldirishdan bosh tortdi
«Lans» klubi «PSJ»ning 11 aprelga belgilangan o‘yinni ko‘chirish borasidagi iltimosiga rad javobini berdi. Parijliklar UEFA Chempionlar Ligasi chorak finali doirasidagi «Liverpul»ga qarshi bahslar (8 va 14 aprel) oralig‘ida qo‘shimcha dam olish vaqti olish maqsadida murojaat qilishgan edi. Bu haqda «Lans» klubining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi xabar bermoqda.
«PSJ» tomonidan Liga 1 ning 29-turidan o‘rin olgan ushbu uchrashuvni ko‘chirish bo‘yicha Professional futbol ligasiga (LFP) yuborilgan rasmiy so‘rovdan so‘ng, Lans shahri jamoasi qat’iy e’tiroz bildirdi. Klub taqvimni o‘zgartirish uchun hech qanday asosli yoki adolatli sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.
LFP komissiyasi ushbu masala bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilish uchun payshanba kuni, 26 martda yig‘ilish oʻtazadi. Agar komissiya «PSJ»ning talabini qondirsa, «Lans»ning pozitsiyasi yakuniy qarorga ta’sir ko‘rsata olmaydi.