Lamin Yamal «Oltin to‘p»ni yutsa, Mbappedan to‘rt baravar ko‘p maosh olishi mumkin
«Barselona» qanot hujumchisi Lamin Yamal agar «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritsa va shartnomasidagi boshqa bandlar bajarilsa, Madridning «Real» klubi forvardi Kilian Mbappedan qariyb to‘rt baravar ko‘p maosh olishi mumkin. Bu haqda nufuzli L'Équipe nashri xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda kataloniyaliklar vingeri oyiga 1,33 million yevro maosh oladi va La Ligadagi eng ko‘p maosh oluvchi 5 nafar futbolchi qatoriga kirmaydi. Hozirda Ispaniya chempionatining eng boy futbolchilari «Real» a’zolari — Kilian Mbappe va Vinisius Junior bo‘lib, ularning oylik daromadi 2,67 million yevroni tashkil etadi.
Biroq, agar Yamal «Oltin to‘p» sohibiga aylansa, shuningdek, o‘tkazilgan o‘yinlar soni, urilgan gollar va jamoaviy sovrinlar bo‘yicha belgilangan marralarga erishsa, uning maoshi 10 million yevroga (oylik hisobda) ko‘tarilishi mumkin. Bunday holatda ispaniyalik iqtidor egasi fransuz va braziliyalik yulduzlarni daromad borasida qariyb to‘rt baravar ortda qoldiradi.
Ma’lumot uchun, Lamin Yamal joriy mavsumda «Barselona» safida barcha turnirlar doirasida 40 ta o‘yinda maydonga tushib, 21 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.