Lamin Yamal nima uchun qoʻlini bogʻlab oʻynashini tushuntirdi
«Barselona» vingeri Lamin Yamal oʻyinlar paytida nima sababdan qoʻlini bogʻlab yurishiga oydinlik kiritdi.
«Nima uchun qoʻlimni bogʻlab oʻynayman? Kunlarning birida PlayStation oʻynayotib, televizorga urib yuborgandim va barmoqlarim qattiq shishib ketgandi. Shundan soʻng qoʻlimni bint bilan bogʻlab oldim, bu juda ajoyib koʻrindi. Xuddi Karim Benzemanikiga oʻxshab qoldi. Men esa uni shunday qoldirishga qaror qildim, nazarimda, bu menga yomon yarashmayapti», — dedi Yamal oʻzining YouTube-kanalidagi videoda.
Yakunlangan mavsumda futbolchi «koʻk-anorranglilar» safida barcha turnirlar doirasida 45 ta oʻyinda maydonga tushib, 24 ta gol urdi va 16 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu mavsumda «Barselona» Madridning «Real» klubini sakkiz ochkoga ortda qoldirib, Ispaniya chempioniga aylandi.