Lamin Yamal: «Hozir butun bir o‘yinni maydonda o‘tkazadigan vaqt emas»
Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» klubi hujumchisi Lamin Yamal JCh-2026 guruh bosqichi 2-turi doirasidagi Saudiya Arabistoniga qarshi bo‘lajak bahs oldidan o‘zining jismoniy holati haqida gapirdi. Ispaniyaliklar guruhdagi 2-tur uchrashuvini 21-iyun kuni saudiyaliklarga qarshi o‘tkazishadi. Yamal o‘zining asosiy tarkibda maydonga tushishiga zaruriyat ko‘rmayotganini, biroq bunday holat yuz bersa ham, to‘liq 90 daqiqa o‘ynay olmasligini ma’lum qildi.
«Hali juda erta, bunga zaruriyat ham yo‘q. Hozir moslashish (adaptatsiya) jarayonidaman va butun bir uchrashuvni to‘liq maydonda o‘tkazadigan vaqt emas. Shunga qaramay, murabbiy qancha vaqt xohlasa, shuncha o‘ynashga tayyorman.
Albatta, yakshanba kungi bahsda g‘alaba qozonishimiz shart, chunki biz musobaqa favoritlari qatoridamiz. Maydonda bo‘lishni juda xohlayman. Yakunda to‘liq 90 daqiqa o‘ynay olmasligingni bilsang ham, jamoangga yordam berish uchun doimo maydonga tushishni istaysan», — deya Yamalning so‘zlarini keltirmoqda RTVE.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 dagi ilk uchrashuvida Kabo-Verde bilan durang o‘ynagan (0:0) Ispaniya terma jamoasi ayni damda "H" guruhida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Mazkur bahsda yosh hujumchi uchrashuvning 71-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan edi.