Lamin Yamal faoliyatidagi ilk xet-trikini qayd etdi
Ispaniya La Ligasining 26-turidan o‘rin olgan «Barselona» va «Vilyarreal» jamoalari o‘rtasidagi bahs kataloniyaliklarning 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ushbu uchrashuv «ko‘k-anorranglilar»ning 18 yoshli iqtidorli hujumchisi Lamin Yamal uchun unutilmas kecha bo‘ldi — futbolchi o‘z faoliyatidagi ilk xet-trikni rasmiylashtirdi.
Yamal uchrashuvning 28, 37 va 69-daqiqalarida raqib darvozasini aniq nishonga olib, jamoasining ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
Shunisi e’tiborliki, yosh forvard bungacha biror marta bir o‘yinda ikkitadan ortiq gol urishga muvaffaq bo‘lmagan edi. O‘zining debyut xet-trikini Lamin «Barselona» libosidagi 140-uchrashuvida nishonladi.
Joriy mavsumda Yamal kataloniyaliklar safida barcha turnirlar doirasida 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol urdi va 13 ta samarali uzatmani amalga oshirdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Barselona» 26 ta o‘yindan 64 ochko jamg‘argan holda Ispaniya chempionati turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. «Vilyarreal» esa 51 ochko bilan uchinchi pog‘onada bormoqda.