Lamin Yamal: «Dinni masxara qilish — johillik va irqchilik belgisidir»
«Barselona» va Ispaniya milliy jamoasi hujumchisi Lamin Yamal Misrga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida (0:0) ispaniyalik muxlislar tomonidan musulmonlarga qarshi aytilgan hayqiriqlarni keskin tanqid qildi.
«Men musulmonman. Barselonadagi stadionda "Kim sakramasa — o‘sha musulmon" degan hayqiriqlar yangradi. Tushunaman, bu raqibga qaratilgan edi va shaxsan menga qarshi emasdi, biroq musulmon sifatida buni hurmatsizlik va mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb hisoblayman.
Hamma muxlislar ham bunday emasligini bilaman, lekin shunday narsalarni kuylayotganlarga aytar gapim: stadionda dinni masxara qilish — bu o‘zini johil va irqchi sifatida ko‘rsatishdir. Futbol — bu odamlarni kimligi va nimalarga ishonishi uchun haqorat qilish emas, balki zavqlanish va qo‘llab-quvvatlash demakdir. Shunga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlashga kelganlarga rahmat. Jahon chempionatida ko‘rishguncha», — deb yozdi Yamal o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ushbu uchrashuv Barselona shahridagi «Kornelya-El Prat» stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinning taxminan 20-daqiqasida muxlislarning bir qismi kamsituvchi hayqiriqlarni boshlagan va ayrim tomoshabinlar ushbu so‘zlarga mos ravishda sakrab, ritmga tushishgan.