La Liga. «Real Sosedad» Barselona»ning magʻlubiyatsiz seriyasiga nuqta qoʻydi
Ispaniya La Ligasining 20-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Real Sosedad» o‘z maydonida «Barselona»ni qabul qildi. Bahs San-Sebastyandagi «Reale Arena» stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Hisob 32-daqiqada «Real Sosedad» hujumchisi Mikel Oyarzabal tomonidan ochildi. 70-daqiqada «Barselona» safida Markus Reshford muvozanatni tikladi, biroq oradan bir daqiqa o‘tib, Gonsalu Gedesh kataloniyaliklar darvozasiga ikkinchi golni urib, mezbonlarga g‘alaba keltirdi.
Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi. 88-daqiqada «Real Sosedad» futbolchisi Karlos Soler qo‘pol harakati uchun qizil kartochka bilan jazolandi.
20 turdan so‘ng «Barselona» 49 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab qolmoqda. «Real Sosedad» esa 24 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi.
Keyingi turda «Barselona» 25 yanvar kuni o‘z maydonida «Oviedo»ni qabul qiladi. «Real Sosedad» esa shu kuni uy uchrashuvida «Selta»ga qarshi maydonga tushadi.
La Liga. 20-tur
«Real Sosedad» — «Barselona» 2:1
Gollar: Oyarzabal (32), Gedesh (71) — Reshford (70).