La Liga. «Real Madrid» 90+2-daqiqada urilgan gol evaziga «Malyorka»ga imkoniyatni boy berdi
Ispaniya La Ligasining 30-turidan o‘rin olgan «Malyorka» va Madridning «Real» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Palmadagi «Malyorka Son Moix» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Uchrashuvdagi birinchi golni 41-daqiqada «Malyorka» yarimhimoyachisi Manu Morlanes kiritdi. O‘yin yakunlanishi arafasida, 88-daqiqada mehmonlar himoyachisi Eder Militao hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+2-daqiqada mezbonlar hujumchisi Vedat Muriki yakuniy hisobni o‘rnatdi — 2:1.
Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng, 30 ta o‘yin o‘tkazgan «Real» 69 ochko bilan turnir jadvalida hamon ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Malyorka» esa muhim g‘alaba evaziga xavfli hududni tark etib, 31 ochko bilan 15-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Navbatdagi turda Alvaro Arbeloa shogirdlari 10 aprel kuni o‘z maydonida «Jirona»ni qabul qiladi. «Malyorka» esa 12 aprel kuni safarda «Rayo Valyekano» mehmoni bo‘ladi.