La Liga. «Real» 90+10-daqiqada urilgan gol evaziga «Rayo Valekano»ni magʻlub etdi
Ispaniya La Ligasining 22-turi doirasida Madridning «Real» klubi o‘z maydonida «Rayo Valyekano»ni qabul qildi. «Santyago Bernabeu» stadionida kechgan uchrashuv o‘ta keskin va kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi.
O‘yinning 15-daqiqasida mezbonlar vingeri Vinisius Junior hisobni ochib, madridliklarni oldinga olib chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘lim boshida, aniqrog‘i 49-daqiqada mehmonlar yarimhimoyachisi Xorxe de Frutos muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Bahsning so‘nggi qismi mehmonlar uchun haqiqiy sinovga aylandi. 81-daqiqada «Rayo» yarimhimoyachisi Pate Siss qo‘pol o‘yini uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Bir kishi ko‘p bo‘lib qolgan «Real» bosimni kuchaytirdi va hakam tomonidan qo‘shib berilgan o‘ninchi daqiqada (90+10) maqsadiga erishdi. Kilian Mbappe penaltini aniq amalga oshirib, jamoasiga muhim uch ochkoni taqdim etdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Real Madrid» ochkolarini 54 taga yetkazib, turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. «Rayo Valyekano» esa 22 ochko bilan 17-pog‘onadan joy olgan.
Kelasi turda «Rayo» o‘z maydonida «Oviedo»ni qabul qilsa, «qirollik klubi» 8 fevral kuni mehmonda «Valensiya» bilan kuch sinashadi.
La Liga. 22-tur
«Real» — «Rayo Valekano» 2:1
Gollar: Vinisius (15), Mbappe (90+10) — Frutos (49).
Chetlatish: Pate Siss (81).