La Liga. «Barselona» «Osasuna»ni magʻlub etib, chempionatdagi ketma-ket 10-g'alabasini qoʻlga kiritdi
«Barselona» Ispaniya La Ligasining 34-turi doirasida «Osasuna»ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, chempionatdagi ketma-ket 10-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Pamplonadagi «El-Sadar» stadionida o‘tgan uchrashuvda Isidro Dias de Mera Eskuderos bosh hakamlik qildi.
Kataloniya klubi so‘nggi bor 16 fevral kuni, 24-tur doirasida «Jirona»ga qarshi bahsda 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin «Barselona» to‘xtovsiz g‘alabali seriya qayd etib, «Levante», «Vilyarreal», «Atletik Bilbao», «Sevilya», «Rayo Valyekano», «Atletiko», «Espanyol», «Selta», «Xetafe» hamda «Osasuna» jamoalarini taslim etishga muvaffaq bo‘ldi.
Hozirda «ko‘k-anorranglilar» 88 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin ta’qibchisi — Madridning «Real» klubini 14 ochkoga ortda qoldirmoqda. «Barselona» navbatdagi uchrashuvini 10 may kuni aynan «Real»ga qarshi o‘tkazadi.