Kyurasao terma jamoasi Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
Kyurasao terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan eng kam aholiga ega mamlakat sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi tashkiloti maʼlum qildi.
Tashkilot vakillari tegishli sertifikatni Kyurasao futbol federatsiyasi prezidenti Gilbert Martinega topshirishdi. Eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu Karib havzasi mamlakati aholisi 156 115 kishini tashkil etadi. Bu esa shu vaqgacha futbol boʻyicha Jahon chempionatlari final bosqichiga yoʻllanma qoʻlga kiritgan barcha davlatlar orasidagi eng past koʻrsatkichdir.
Kyurasao terma jamoasi oʻz tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yoʻllanma oldi. Jamoa «E» guruhidan joy olgan boʻlib, unda Germaniya, Ekvador va Kot-d’Ivuar terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Ilk turdan soʻng Kyurasao terma jamoasi Germaniyadan 1:7 hisobida magʻlubiyatga uchradi. Navbatdagi uchrashuv 21-iyun kuni Ekvador terma jamoasiga qarshi boʻlib oʻtadi.