Kurtua jiddiy jarohatdan qutuldi
Madridning "Real" klubi va Belgiya terma jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua Ispaniyaga qarshi JCh-2026 chorak final uchrashuvida olgan jarohatiga qaramay, jiddiy shikastlanishdan qutuldi.
Tibbiy tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, darvozabonning jarohati xavotirli emas va u uzoq muddat maydondan tashqarida qolmaydi. Shifokorlar Kurtua yaqin kunlarda tiklanish dasturini davom ettirib, iyul oyining oxiriga qadar umumiy mashg‘ulotlarga qaytishini kutmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, belgiyalik posbon ta'tildan so‘ng "Real" safiga qaytadi va yangi mavsumga tayyorgarlikni jamoa bilan birga davom ettiradi. Biroq u avgust oyi boshida bo‘lib o‘tadigan mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib yuborishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kurtua Belgiya va Ispaniya o‘rtasidagi chorak final uchrashuvining ikkinchi bo‘limida son mushagidagi noqulaylik sabab maydonni tark etgandi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Senne Lammensning xatosidan so‘ng Ispaniya g‘alaba golini urib, yarim finalga yo‘l olgan edi.