Kurtua isteʼfoga chiqarilgan Alonsoga murojaat qildi
Madridning «Real» klubi darvozaboni Tibo Kurtua jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsoning iste’fosi borasida fikr bildirdi.
Ispaniyalik mutaxassis Superkubok finalida «Barselona»ga qarshi o‘yindagi (2:3) mag‘lubiyatdan so‘ng lavozimini tark etdi.
«Hammasi uchun rahmat. Siz bilan ishlash yoqimli bo‘ldi va kelajakda sizga faqat eng yaxshisini tilayman — siz bunga loyiqsiz», — deya Kurtuaning so‘zlarini keltiradi Marca.
Xabi Alonso «Real»ni 2025 yil yozidan buyon boshqarib kelayotgandi. Uning o‘rnini madridliklarning sobiq futbolchisi Alvaro Arbeloa egalladi.
Ispaniya chempionatida «Real» 19 turdan so‘ng 45 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Chempionlar Ligasida esa «qirollik klubi» 12 ochko bilan umumiy jadvalda yettinchi pog‘onani egallab turibdi.