Kuala-Lumpur Futbol Federatsiyasi delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi
1-noyabr kuni Kuala-Lumpur Futbol Federatsiyasi (Malayziya) delegatsiyasi Prezident Sayid Yazid Umar boshchiligida rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.
Tashrif doirasida Kuala-Lumpur Futbol Federatsiyasi (KLF) va Toshkent Futbol Assotsiatsiyasi (TFA) o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. TFA nomidan hujjatni Assotsiatsiyaning birinchi vitse-prezidenti Azamat Abduraimov imzoladi.
Memorandum imzolanishidan oldin mehmonlarga Toshkent Futbol Assotsiatsiyasi faoliyati, shuningdek, Toshkent futbolining 100 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha taqdimot namoyish etildi.
Uchrashuvdan so'ng matbuot anjumani bo'lib o'tdi, unda tomonlar imzolangan memorandumda aks ettirilgan reja va maqsadlar bilan o'rtoqlashdilar va federatsiyalar o'rtasidagi hamkorlik Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasidagi futbol aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo'lishiga ishonch bildirdilar.
Tashrif davomida delegatsiya Toshkent Futbol Akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda yosh futbolchilarni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Mehmonlar akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari va infratuzilma bilan tanishar ekan, Toshkentda futbol sohasini rivojlantirish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga yuksak e’tirof bildirishdi.
Eng so'nggi xabar va yangiliklarni sports24.uz sayti orqali kuzatib boring.