«Kristal Pelas» yevrokuboklardagi debyutidayoq sovrin yutgan 3-jamoaga aylandi
“Kristal Pelas” yirik Yevropa musobaqasidagi ilk mavsumidayoq sovrin qo‘lga kiritgan uchinchi ingliz jamoasiga aylandi. Bu haqda OptaJoe ma’lum qildi.
Bungacha bunday natijani “Vest Xem Yunayted” (1964/1965-yilgi Kubok sohiblari kubogi) va “Nyukasl Yunayted” (1968/1969-yilgi Yarmarka kubogi) qayd etgan edi.
2025/2026-yilgi Konferensiyalar ligasi finalida Angliyaning “Kristal Pelas” jamoasi Ispaniyaning “Rayo Valyekano” klubini minimal hisobda — 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Londonliklar o‘z tarixida ilk bor, 120 yillik faoliyati davomida birinchi marta evrokubokni qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsumda esa “Kristal Pelas” klub tarixidagi ilk yirik sovrinni qo‘lga kiritgandi — Angliya kubogi finalida “Manchester Siti”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Shundan so‘ng “burgutlar” “Liverpul”ni (2:2, penaltilar seriyasida 3:2) mag‘lub etib, Angliya Superkubogini ham qo‘lga kiritishgan.