Koulmen 17 yillik faoliyatidan so‘ng «Everton»ni tark etadi
Sheymus Koulmen yozda "Everton" klubini tark etadi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
37 yoshli irlandiyalik himoyachi joriy mavsum yakunida jamoa bilan xayrlashadi. Klub bayonotida ta'kidlanishicha, Koulmen "Everton" tarixidagi eng buyuk o‘yinchilar va sardorlardan biri sifatida 17 yildan ortiq davom etgan faoliyatini shartnomasi kelasi oy yakunlangach tugatadi.
Muxlislar sevimlisi bo‘lgan futbolchi 2009 yil yanvar oyida Devid Moyes davrida "Sligo Rovers" jamoasidan atigi 60 ming funt sterling evaziga "Everton"ga o‘tgan edi. Endi u yozni kelgusi faoliyati borasida qaror qabul qilishga bag‘ishlaydi. Himoyachi klubda murabbiylik faoliyatini boshlashi yoki boshqa jamoada, shuningdek Irlandiya terma jamoasida o‘ynashni davom ettirishi mumkin.
"Everton"ning zamonaviy afsonasi sifatida tan olingan Koulmen muxlislar, jamoadoshlar va klub xodimlari orasida katta hurmatga ega. U maydonda ham, undan tashqarida ham yetakchilik fazilatlari va professional munosabati bilan ajralib turadi. Shuningdek, u klub tarixida Angliya Premer-ligasida eng ko‘p — 372 ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi hisoblanadi.