Kot-d'Ivuar terma jamoasi hujumchisi Elye Vai kelishilgan o‘yinlar bo‘yicha gumon qilinmoqda
Kot-d'Ivuar terma jamoasi hujumchisi Elye Vai kelishilgan o‘yinni tashkillashtirishda ishtirok etganlik gumoni bilan Fransiya politsiyasi tomonidan hibsga olindi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda. Germaniyaning «Ayntraxt» klubiga tegishli bo‘lgan va ijara asosida «Nitssa» safida to‘p surayotgan 23 yoshli futbolchi Liga 1 doirasidagi «Sent-Eten»ga qarshi kechgan uchrashuvdan (4:1) so‘ng qo‘lga olingan. Mazkur bahsda u dubl qayd etishga ulgurgan edi.
Manbaning xabariga ko‘ra, Fransiya Professional futbol ligasi (LFP) 17-may kuni bo‘lib o‘tgan «Nitssa» va «Mets» uchrashuvidagi shubhali tikilgan garovlar, xususan, Vaining sariq kartochka olishi bo‘yicha ma’lumotlar olganidan so‘ng surishtiruv ishlarini boshlagan. O‘sha o‘yinning 35-daqiqasida hujumchi qo‘pol qo‘llangani uchun ogohlantirish olgan edi. Ushbu sariq kartochka uning mavsumdagi beshinchisi bo‘lgani sababli, u «Sent-Eten»ga qarshi dastlabki pley-off bahsini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan. Futbolchi so‘roq qilinganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan, ammo surishtiruv ishlari davom etmoqda.
«Fransiya Liga 1 musobaqasida to‘p suruvchi 23 yoshli futbolchi Marsel prokuraturasi tomonidan uyushgan firgarlik, sportdagi uyushgan korruptsiya va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish ayblovlari yuzasidan boshlangan tergov doirasida 29-may kuni hibsga olinganini tasdiqlaymiz. U politsiya mahkamasida so‘roq qilingandan so‘ng qo‘yib yuborildi. Tergov harakatlari davom etmoqda», — deya Marsel prokuraturasi vakilining so‘zlarini keltirmoqda The Athletic.
Ta’kidlash joizki, Elye Vai ushbu shubhali o‘yindan to‘rt kun avval, ya’ni 15-may kuni Kot-d'Ivuar terma jamoasining JCh-2026 uchun qaydnomasiga kiritilgan edi. AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tayotgan turnirda u Ekvadorga qarshi uchrashuvda (1:0) asosiy tarkibda maydonga tushib, 55 daqiqa harakat qildi va raqib darvozasi to‘sinini nishonga oldi. Kot-d'Ivuarliklar navbatdagi o‘yinni shanba kuni Torontoda Germaniya terma jamoasiga qarshi o‘tkazishadi. Ma’lumot uchun, hujumchi muqaddam Fransiya yoshlar terma jamoasida o‘ynagan bo‘lib, joriy yilning mart oyida sport fuqaroligini o‘zgartirgan edi.