“Korintians” Memfis Depayni jamoada saqlab qolishga harakat qilmoqda
Niderlandiyalik hujumchi klubning moliyaviy yukini kamaytirish maqsadida ayrim to‘lov shartlari bo‘yicha murosaga borishga tayyorligini bildirgan.
Foto: Getty Images
Braziliyaning “Korintians” klubi hujumchi Memfis Depay bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida. Biroq yangi shartnomaning moliyaviy shartlari klub uchun asosiy muammoga aylanmoqda. Bu haqda Globo nashriga tayanib Euro-Football xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Depay bilan yangi kelishuvning umumiy qiymati avvalgi qarzdorliklarni ham hisobga olganda qariyb 25 million yevroni tashkil etadi. “Korintians” rahbariyati ushbu summani taxminan 5 million yevroga kamaytirishni istamoqda.
Klub prezidenti Osmar Stabile muzokaralarni davom ettirishdan oldin “Korintians” kengashining yakuniy xulosasini kutmoqda. Avvalroq klub Depayga yuborgan taklifini qaytarib olgan edi, biroq oradan bir necha kun o‘tib tomonlar muzokaralarni yana tiklagan.
Ma’lumot uchun, Memfis Depayning o‘zi ham “Korintians”da qolishni istamoqda. Niderlandiyalik hujumchi klubning moliyaviy yukini kamaytirish maqsadida ayrim to‘lov shartlari bo‘yicha murosaga borishga tayyorligini bildirgan.
Nasrullo Karimov
Jurnalist