Kongo bilan o‘yinda Krishtianu Ronaldu to‘pga eng kam tegingan futbolchi boʻldi
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Jahon chempionati guruh bosqichi doirasida DR Kongoga qarshi kechgan uchrashuvda (1:1) to‘pga jami 25 marotaba tegindi. Bu jamoa safida to‘liq 90 daqiqa harakat qilgan futbolchilar orasidagi eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Whoscored statistik portali xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida Ronaldudan ko‘ra kamroq to‘pga tegingan o‘yinchilar maydonda to‘liq harakat qilishmagan: Bernardo Silva (23 marta, 45 daqiqa), Nelson Semedu (16 marta, 19 daqiqa), Rafael Leau (13 marta, 19 daqiqa) va Gonsalu Ramush (3 marta, 8 daqiqa). Taqqoslash uchun, portugaliyaliklar darvozaboni Diogu Koshta o‘yin davomida to‘pga 36 marta tegingan.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning 6-daqiqasida Joau Nevesh boshi bilan urgan goli evaziga Portugaliyani hisobda oldinga olib chiqqan edi. DR Kongo jamoasi esa bunga birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda (45+5-daqiqa) Yoan Vissaning kiritgan goli bilan javob qaytardi.
41 yoshli Ronaldu uchun ushbu musobaqa faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati hisoblanadi. U va Lionel Messi ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon futboli rekordchilari bo‘lib turishibdi. Mazkur turnir davomida ushbu natijani faqatgina Meksika terma jamoasi darvozaboni Gilermo Ochoa takrorlashi mumkin.