Kompani Belgiyada yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi
Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani ilk bor Reymon Gutals sovriniga sazovor bo‘ldi. Ushbu mukofot yilning eng yaxshi belgiyalik murabbiyiga topshiriladi. Ikkinchi o‘rin «Bryugge» ustozi Niki Xayen va «Monako» bosh murabbiyi Sebastyen Pokonoli o‘rtasida bo‘lindi.
«Bu — men uchun beqiyos sharaf. Ushbu mukofot juda katta ahamiyatga ega, ayniqsa ilgari uni qo‘lga kiritgan murabbiylar nomlarini va sovrinning tarixini bilganimda. Reymon hanuzgacha nafaqat har bir belgiyalik murabbiy, balki butun dunyo bo‘ylab ko‘plab mutaxassislar uchun namuna bo‘lib qolmoqda», — deydi Kompani.
Vensan Kompani Germaniyaning mashhur klubiga 2024 yil may oyida kelib qo‘shilgan. 2024/2025 yilgi mavsumda «Bavariya» uning boshchiligida 82 ochko jamg‘arib, Germaniya Bundesligasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Joriy mavsumda ham myunxenliklar ishonchli harakat qilmoqda — 14 turdan so‘ng 38 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.