“Komo” “Vilyarreal” himoyachisi Villi Kambvalani transfer qilmoqchi
Italiyaning “Komo” klubi “Vilyarreal” markaziy himoyachisi Villi Kambvalani o‘z safiga qo‘shib olish uchun muzokara olib bormoqda. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, 21 yoshli futbolchi Sesk Fabregas jamoasining ustuvor transfer maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Manbaga ko‘ra, “Komo” va “Vilyarreal” o‘rtasidagi muzokaralar tez sur’atda davom etmoqda. Italiya klubi himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun aynan Kambvala transferini imkon qadar tezroq yakunlashni istamoqda.
“Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Kambvala so‘nggi ikki mavsumni Ispaniyada o‘tkazdi. U “Vilyarreal” safida barcha musobaqalarda 23 ta uchrashuvda maydonga tushgan, biroq gol yoki golli uzatma qayd etmagan.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Villi Kambvalaning bozor qiymatini 3 million yevroga baholamoqda. Hozircha klublar transfer summasi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida ma’lumot yo‘q.