Koke faoliyatini MLSda davom ettirishi mumkin
Madridning «Atletiko» klubi sardori Koke faoliyatini AQShning MLS chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda insayder Matteo Moretto Radio Marca efirida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, «Atlanta United» rahbariyati tajribali yarim himoyachining vakillari bilan ehtimoliy transfer bo‘yicha aloqa o‘rnatgan.
Qayd etilishicha, kelishuv amalga oshishi endi faqat futbolchining shaxsiy qaroriga bog‘liq.
Jorjiya shtati vakili bo‘lgan klub Kokeni joriy yozgi transfer oynasidayoq o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Koke «Atletiko» asosiy jamoasidagi debyutini 2009 yil 19 sentyabr kuni o‘tkazgan. Shundan buyon u madridliklar safida 740 ta uchrashuvda maydonga tushib, 50 ta gol urdi va 122 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Uning «Atletiko» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyunga qadar amal qiladi.
Ayni paytda «Atlanta United» MLS Sharqiy konferensiyasi turnir jadvalida 14-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa safida rossiyalik yarim himoyachi Aleksey Miranchuk ham to‘p surmoqda.