Klublardan daraklar | «Samarqand» PFC chempionlikni ko‘zlamoqda
Klublardan daraklar | «Samarqand» PFC chempionlikni ko‘zlamoqda.
Bugun Samarqand shahrida «Samarqand» PFC futzal klubining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Samarqand shahar hokimi, klub prezidenti Fazliddin Karimovich Umarov, «Meros Pharm» MChJ asoschisi Nasimjon Qobiljonovich Komilov hamda klub bosh direktori Nodirjon Isroilovich Mardonov ishtirok etdi.
Tadbirda Samarqand azaldan mamlakat futzalining muhim markazlaridan biri ekani, ushbu zamindan ko‘plab chempionlar yetishib chiqqani va samarqandlik futzalchilar muntazam ravishda terma jamoalarga jalb etib kelinayotgani ta’kidlandi.
Yig’ilishda «Samarqand» PFC «Meros Pharm» MChJ bilan bosh homiylik borasida kelishuvga erishilganligi ma`lum qilindi.
«Meros Pharm» MChJ rahbari Nasimjon Komilov homiylik doirasida jamoa mavsum yakunida Oliy ligada chempionlikni qo‘lga kiritsa, klubning barcha a’zolari «Damas» avtomobillari bilan taqdirlanishi e’lon qildi.
Ushbu xushxabar jamoa a’zolari tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi. Futzalchilar esa bildirilayotgan ishonchni oqlash va yuqori natijalarga erishish uchun bor kuchlarini safarbar etishlarini bildirishdi.
Taqdimot marosimidan so‘ng «Samarqand» PFC O‘zbekiston XXX milliy chempionati — Oliy liganing 2-tur uchrashuvlarida ishtirok etish uchun Jizzax shahriga yo‘l oldi.
«Samarqand» PFC hamda “Meros Pharm”ning yangi mavsumdagi hamkorligi omadli va xayrli bo’lishini tilaymiz!