Klublardan daraklar | «Nurafshon» yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi
Mamlakatimizning nomdor jamoalaridan biri, boy tarixga ega bo‘lgan Buxoro viloyatining "Nurafshon" professional futzal klubi ta’tildan qaytib, yangi mavsum oldi mashg‘ulotlarini boshlab yubordi.
Furqat Xayrullayev boshchiligidagi jamoa a’zolari Kogon shahridagi klub qarorgohida joylashgan ochiq futbol maydonida ilk mashg‘ulotlarini o‘tkazishdi. Hozircha murabbiylar shtabi asosiy e’tiborni futbolchilarning jismoniy holatini tiklash va funksional tayyorgarligini oshirishga qaratmoqda. Jamoa a`zolari tez orada sport zaliga kirishi hamda bevosita chempionat o’yinlariga tayyorgarlikni boshlashi kutilmoqda.
O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, jamoa tarkibida qator o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, tojikistonlik
legionerlar klubni tark etdi. Shuningdek, muxlislar mehrini qozongan braziliyalik Leandro ham "Nurafshon" bilan o‘zaro do‘stona xayrlashdi.
Shu bilan birga, tarkibni kuchaytirish ishlari ham davom etmoqda. Ayni paytda Termizning "Surxon" jamoasida to‘p surgan Asadbek Fozilov hamda "Nasaf" va "Neftchi" safida faoliyat olib borgan Mamasharif Halimov mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, sobiq temiryo‘lchilar hujumchisi Burhoniddin Sodiqovning ham jamoa mashg’ulotlariga qo‘shilishi kutilmoqda.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, "Nurafshon" murabbiylar shtabi futzal bo‘yicha Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri hisoblangan Eron Islom Respublikasidan to‘rt nafar mahoratli futzalchini jalb etish ustida ish olib bormoqda. Hozirda ular bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yetgan.
Buxoroliklar yangi mavsumda ham oldilariga yuqori maqsadlarni qo‘yishgan. Jamoa 2026/2027-yilgi
mavsumda chempionat sovrindorlari safidan joy olishni, shuningdek, O‘zbekiston Kubogi musobaqasida bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lishni maqsad qilgan.