Klublardan daraklar | «Neftchi» ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi
O‘zbekiston milliy chempionati turlari oralig‘idagi tanaffusdan unumli foydalangan Farg‘onaning «Neftchi» professional futzal klubi ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.
Dastlab Farrux Zokirov shogirdlari Tojikistonning «Sipar» jamoasiga qarshi bahs olib borishdi. Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvda «Neftchi» 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Keyingi nazorat bahsi esa Birinchi liga vakili «Andijon» ga qarshi o’tkazildi. Ushbu uchrashuvda farg‘onaliklar 7:1 hisobida zafar quchishdi.
«Neftchi» Oliy liganing 2-tur uchrashuvlari boshlanguniga qadar Qirg‘izistonning yetakchi jamoalaridan biriga qarshi yana bitta nazorat uchrashuvida maydonga tushishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, XXX milliy chempionatining 2-tur bahslari 30 sentabrdan 5 oktabrgacha Jizzax shahridagi Viloyat futbol akademiyasi sport zalida bo‘lib o‘tadi.